Xalqaro moliya

13:39, 25 март 2024
9
0

Xalqaro moliya va uning jahon taraqqiyotida tutgan o`rni

 


Xalqaro moliya va uning jahon taraqqiyotida tutgan o`rni



Reja:



  1. Xalqaro moliyaning mohiyati



  2. Xalqaro tashkilotlar moliyasi va xalqaro moliyaviy institutlar


 


  1. Xalqaro moliyaning mohiyati


 

Moliya tizimining xususiyati shundaki, u nafaqat alohida olingan mamlakat yoki hududda yuzaga keladi va milliy sanaladi, balki xalqaro ko‘lamda ham amal qiladi hamda – xalqaro moliya tizimi deyiladi (qisqartmasi “xalqaro moliya”).



Xalqaro moliya – o‘zida obyektiv asosga ega bo‘lgan maxsus moliyaviy munosabatlarni aks ettiradi. Xalqaro moliyaning moddiy asosini mamlakatlararo quyidagi ko‘rinishdagi xalqaro moliyaviy oqimlar tashkil qiladi:
a) tovar va xizmatlar eksportidan valyuta daromadlari tushumlari va import qilinayotgan tovar xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha pul oqimlari; bu oqimlar xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliyasini aks ettirishi mumkin, lekin ular turli mamlakatlarga tegishli ekan, demak ular mamlakatlararo pul oqimlarini aks ettiradi;
b) kredit mablag‘larining oqimi, qaysiki ular ikki tomonlama ham hisoblanadi: bir tomondan, ssudalar taqdim etiladi, boshqa tomondan esa – uning so‘ndiriladi va foizlar to‘lanadi.
Shunday qilib, mazkur oqimlar bazasida mamlakatlar o‘rtasidagi moliyaviy resurslar harakati yuzaga keladi. Ularning taqsimlanishi, bir tomondan, valyuta kurslari bilan, ikkinchi tomondan esa, bojxona tariflari va qoidalari bilan tartibga solinadi.
Biroq, yuqoridagilar xalqaro xarakterga ega bo‘lgan moliyaviy resurslarni paydo bo‘lish va ishlatilish sabablari va asoslarini to‘laligicha namoyon eta olmaydi.
Moliyaviy resurslar xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar faoliyati jarayonida shakllanadi va ishlatilinadi. Bu institut va tashkilotlar millatlararo ustqurmaga egalar, ma’lum funksiyalarni bajaradilar. Ularning moliyaviy ta’minoti fondlar orqali amalga oshiriladi. Ular umumlashgan (misol uchun, BMT budjeti) yoki maqsadli (alohida tadbir yoki dastur bo‘yicha) bo‘lishi mumkin. Mazkur institutlar va tashkilotlarning moliyaviy resurslari ikki xil yo‘l bilan shakllanadi: alohida mamlakatlarning badallari hisobidan va hukumatlarga kreditlar berish, ularni qaytarilishi va foizlar to‘lanish yo‘li bilan. Moliyaviy resurslarning ma’lum bir qismini jahon darajasida markazlashtirilishi jahon xo‘jaligi ehtiyojlarini qondiradi; bunday resurslarning iqtisodiy asoslari savdoni, kreditni rivojlanishi, mamlakatlarning turli sohalardagi xalqaro loyihalar va dasturlarni amalga oshirilishidagi ishtiroki, to‘laligicha iqtisodiy integratsiyalashuvning o‘sishi hisoblanadi.
Shunday qilib, xalqaro moliya – bu tarkibiy jihatdan murakkab munosabatlar tizimi bo‘lib, ular xalqaro moliya bozori institutlari va xalqaro institutlar va tashkilotlar tomonidan moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va ishlatishni o‘z ichiga oluvchi moliyaviy resurslar harakati asosida yuzaga keladi.
Xalqaro moliya munosabatlarining subyektlari: davlat, korxonalar, fuqarolar, shuningdek xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari.
Xalqaro moliya munosabatlar quyidagilar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin:



  • turli mamlakatlarning xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasida;



  • davlat va boshqa mamlakatlarning hukumatlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida;



  • davlat va kotxonalar o‘rtasida, xalqaro moliyaviy institutlar bilan.


 

Xalqaro hisob-kitoblar va valyutali tartibga solish xalqaro moliyani amal qilish mexanizmi tarkibiga kiradi. Hisob-kitoblar tartibi xalqaro hujjatlar va bitimlar bilan me’yorlashtiriladi. Hujjatli rasmiylashtirishni standartlash eksportchilar va importchilarga tovarlarni yetkazib berish va ularning to‘lovi kafolatini ta’minlash uchun muhimdir. Uning o‘zi tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyatlarining bir xil tushunilishini o‘rnatib beradi.



Xalqaro hisob-kitoblarning shakllari inkasso va akkreditiv hisoblanadi. Bank o‘tkazmalari va hisob raqamlarini ochishdan foydalaniladi.



  1. Xalqaro tashkilotlar moliyasi va xalqaro moliyaviy institutlar



Xalqaro iqtisodiy tashkilotlar (XIT) xalqaro bitim asosida ma’lum iqtisodiy aloqalarni (valyuta, kredit, soliq, transport, tovar almashuvi va h.k.) olib borish maqsadida tuzilgan tashkilotdir.
XIT – tuzilishining asosiy maqsadi jahon hamjamiyatida yoki ma’lum mintaqada iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdir.
XITlar faoliyat ko‘lami nuqtai nazaridan jahon miqyosidagi yoki mintaqaviy tashkilot bo‘lishi mumkin.
Jahon miqyosidagi (umumjahon) XITlar: Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Umumjahon savdo tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMT ning Iqtisodiy-ijtimoiy kengashi, unga tegishli maxsus muassasalar, Jahon Islom konferensiyasi tashkiloti va h.k.
Mintaqaviy XITlar: Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO), BMT ning mintaqaviy tashkilotlari – ESKATO, YeEK va h.k.
XIT shu tashkilotning umumiy tamoyillari va yo‘nalishini belgilovchi yuridik hujjat asosida o‘z faoliyatini olib boradi. Bu hujjat har bir a’zo tomonidan imzolanib, nizom (ustav), deklaratsiya yoki bitim tarzida bo‘ladi.
Nima uchun bu tashkilotlar xaqida chuqurrok bilishimiz kerak? Chunki, dunyo hamjihatligiga, iqtisodiy hamkorlik rivojini ta’minlashga, integratsion jarayonlarga bir tomondan davlatlararo munosabatlar bilan chiqilsa, ikkinchi tomondan, aynan shu tashkilotlar faoliyatida qatnashish orqali erishiladi.
Jahon hamjihatligida bo‘lish, unda muhim o‘rin egallash davlat mavqeini mustahkamlab, halk faravonligini ta’minlovchi katta omil bo‘lib kelgan.
Xalqaro tashkilotlarning hukumatlararo, shuningdek hukumat tashkilotlari bo‘lmaganlari ham, xalqaro moliyaviy bozorlarning rivojlanishiga ma’lum ta’sir ko‘rsatadi.
Davlatning xohish-irodasini ifodalash bilan, davlatlararo tashkilotlar o‘zlarining vakolatlari doirasida ta’sis hujjatlarida mustahkamlangan bo‘lib, davlatlar bilan bir qatorda jahon moliya bozorlari subyektlarining nufuzlarini tartibga solib boradi va davlatlararo valyuta kredit munosabatlarini boshqarib turadi.
BMT (asosiy organlar: Bosh Assambleya, Havfsizlik kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash (EKOSOS), Xalqaro sud va kotibiyat) quyidagi asosiy maqsadlarni ko‘zlaydi:



  • xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash va ushbu maqsadlarda samarali jamoatchilik tomonidan tinchlikga xavf soluvchi tajovuzlarni bartaraf etish xamda tajovuzkorlik hollarini tinchitish uchun samarali choralarni ko‘rish, adolat va xalqaro huquq tamoyili asosida xalqaro kelishmovchiliklar va vaziyatlarni bartaraf etish, tinchitish, ularning tinchlikka xavf solishini oldini olish;



  • teng huquqli va xalqlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari hal etish tamoyillarini hurmat qilgan holda millatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish;



  • ushbu umumiy maqsadlarga erishish yuzasidan xarakatlarning kelishilgan markaziga aylanishlik.



BMTning ixtisoslashgan muassasalari – ular mustaqil ravishdagi xalqaro tashkilotlardir. Xalqaro valyuta-kredit munosabatlariga bevosita va bilvosita quyidagilar kiradilar: Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro tiklanish va rivojlanish banki, Xalqaro moliyaviy uyushma (XMU) va Xalqaro rivojlanish uyushmasi.
Xalqaro moliyaviy birlashma (XMB) 1959-yilda AQSh tashabbusi bilan rivojlanayotgan mamlakatlarning sanoatiga xususiy sarmoyalarni kiritishni rag‘batlantirish uchun barpo etilgan.
Xalqaro moliyaviy birlashma Jahon bankining guruhiga a’zo bo‘lgani holda, yuridik va moliyaviy jihatdan mustaqil tashkilot hisoblanadi, ixtisoslashgan muassasa sifatida BMT tizimiga kiradi.
Xalqaro moliyaviy birlashmaning joylashish o‘rni Vashington shahrida bo‘lib, Byurosi esa Franfurt-Mayida, London, Parij, Tokio shaharlarida birlashmaning vakolatxonalari Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Yevropada ish olib boradi.
Xalqaro moliyaviy birlashmaning asosiy maqsadi:
Xalqaro moliyaviy birlashmaning asosiy maqsadlaridan bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishiga ishlab chiqarish sohasida xususiy korxonalarni rivojlantirish yo‘li bilan rag‘batlantirib ko‘maklashishdir.
Xalqaro moliyaviy birlashmaning tarkibi:
Xalqaro moliyaviy birlashmaning Oliy organlaridan bo‘lib, Boshqaruvchilar va ularning o‘rinbosarlaridan tashkil topgan Kengash hisoblanadi. Jahon bankining xar bir boshqaruvchisi avtomatik ravishda Xalqaro moliyaviy birlashmaning boshqaruvchisi hisoblanadi. Direktorat Xalqaro moliyaviy birlashmaning joriy faoliyatini yo‘naltirib boradi.
Xalqaro institutlarning yetakchi sakkizta vakllaridan iborat bo‘lgan bank maslahati komissiyasi o‘zliksiz ravishda Xalqaro moliyaviy birlashma rahbariyati bilan uchrashib, xizmatga oid va siyosiy muammolarni birgalikda hal qilib boradi.
Moliyaviy manbalari.
Xalqaro moliyaviy birlashmaning manbalariga a’zolarning nizom sarmoyalariga bo‘lgan ballari, Xalqaro tiklanish va rivojlanish bankining kreditlari, foydadan ajratmalar, kreditlarni qaytarishdan kelgan mablag‘lar hamda xalqaro moliyaviy bozorlarda jalb qilinadigan mablag‘lar hisoblanadi.
Xalqaro moliyaviy birlashmaning faoliyati.
Xalqaro moliyaviy birlashma kreditlarni 5 yildan 15 yilgacha yuqori samarali xususiy korxonalarga berish bilan Xalqaro tiklanish va rivojlanish bankidan farqli ravishda hukumatning kafolatisiz ish tutadi.
Shunday qilib, Xalqaro moliyaviy birlashma xususiy sektor tomonidan barpo etilgan loyihalarni qo‘shimcha ravishda moliyalashga ko‘maklashadi.
Keyingi yillarda Xalqaro moliyaviy birlashma o‘zini ko‘rsatishda kuchaydi.
Kreditlar va sarmoyalarni umumiy xajmi 7 mlrd. AQSh dollarni tashkil etadi.
1986-yil Xalqaro moliyaviy birlashma uzoq muddatli rivojlanish dasturi doirasida horijiy sarmoyalardan eng yuqori sarmoyalar bilan foydalanish uchun rivojlanayotgan mamlakatlarning hukumatlariga yordam ko‘rsatish maqsadida Maslahatlar berish xizmatini barpo qildi hamda bu xizmat dunyoning ko‘p joylarida amaliy ishlar olib bormoqda.
Sarmoyalarning kafolatlari bo‘yicha Xalqaro agentlik 1988-yilda tashkil qilingan bo‘lib, Xalqaro agentlik va rivojlanish bankining qo‘shma tashkilotlaridan bo‘lib hisoblanadi hamda yuridik va moliyaviy mustaqil xususiyatlarga egadir. Ixtisoslashtirilgan muassasa sifatida BMT tizimiga kiradi. Joylashish o‘rni Vashington shahridadir. Unga a’zo bo‘lish Xalqaro tiklanish va rivojlanish bankiga a’zo bo‘lgan davlatlar uchun ochikdir.
Xalqaro valyuta fondi (XVF) 1944-yil-iyulda Bretton-Vuds (AQSh Nyu- Gempshir shtati) da tashkil topgan, qarorgoxi Vashingtonda joylashgan.
XVF – Hukumatlararo korparativ valyuta – moliyaviy tashkilot bo‘lib, faoliyati davlatlararo vujudga keladigan,to‘satdan ro‘y beruvchi va oldindan bilish mumkin bo‘lmagan milliy valyutalarning o‘zgaruvchanligi, davlatlarning milliy valyutalarini almashtirish doirasidagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgandir.
XVF da belgilangan normalarga tayangan holda unda doimo umumiy pul zahirasi mavjuddir, ular ko‘zda tutilmagan qiyin iqtisodiy holatlarda foydalaniladi.
XVF uz faoliyati asosini jahon iqtisodiyotining rivojlanishi uchun yetarli shart-sharoit va undagi valyuta tizimini tartibga solish, deb hisoblaydi. Ushbu holatlardan kelib chiqqan holda o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘yadi:
1. Xalqaro savdoning o‘sishiga yordam ko‘rsatish;
2. milliy valyutalar qadrini bir me’yorda ushlab turishga ko‘maklashish;
3. jamg‘armaga a’zo davlatlarning joriy hisob-kitoblarini amalga oshirish jarayonida ko‘p tomonlama tizimni tashkil etishga ko‘maklashish, xalqaro savdoning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omillar, valyutalar borasidagi to‘siqlar vujudga kelmasligiga yordam berish;
4. savdo va to‘lovlar doirasidagi to‘siqlar vujudga kelmasligi uchun a’zo davlatlarga kredit resurslarini berish;
5. xalqaro valyuta doirasida vujudga keluvchi muammolarni yechish borasida maslahat-forumlar o‘tkazish.
Jamg‘arma a’zo davlatlarning valyuta kurslari doirasida ularni tartibga solish yuzasidan ularning faoliyati samarasi, xalqaro valyuta tizimi ustidan nazorat-kuzatuv ishlarini olib boradi. Bundan kelib chiqqan holda har bir a’zo mamlakat jamg‘armaga nazorat ishlarini olib borish yuzasidan tegishli ma’mumotlarni berib turishi lozim.
Jamg‘arma xalqaro savdo, turli xildagi to‘lovlarni amalga oshirish, undagi rezervlarning holati bo‘yicha mas’ul bo‘lganligi sababli bu boradagi ishlarni joriy etilishiga asosiy e’tiborni qaratadi.
XVF ning vazifalari quyidagilardan iborat:



  • kelishilgan xulk-atvor kodeksiga amal qilish;



  • to‘lov balansining tanqisligini yengib o‘tish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish;



  • maslahatlar berish va hamkorlik qilishdir



Xalqaro valyuta fondining asosiy tamoyillari:



  • valyuta kurslarini o‘zgartirish yoki xalqaro valyuta tizimini boshqarishdan bosh tortishni ta’qiqlash;



  • valyuta tangligini to‘xtatish uchun valyuta bozorlarida tazyiq o‘tkazishlarda majburiyatlar olish;



  • har bir mamlakat tomonidan o‘zlarini valyuta tazyiqi siyosatida sheriklarning manfaatlarini hisobga olish majburiyatlarini qabul qilishdir.



Hozirgi davrda Xalqaro valyuta fondiga a’zo bo‘lgan davlatlarning soni 181 tani tashkil qiladi.
Tashkilotga a’zo bo‘lish XVF tomonidan belgilangan muddat va XVF tomonidan aniqlangan shartlar asosida ochiqdir.
XVF ning yuqori rahbarlik organi bo‘lib, boshqaruv Kengashi hisoblanadi, hamda ular ishtirokchi mamlakatlarning vakllaridan iborat bo‘lib 5 yilga tayinlanadi.
Kengashning vazifasiga: Bitim moddalarini o‘zgartirish, a’zo davlatlarni qabul qilish va chiqarish, sarmoyalar qismini aniqlash va ularning mikdorini qayta ko‘rish, ijroiya shartnomalarini tanlash kiradi.
Boshqaruvchilar kengashi yiliga bir marta to‘planadi va odatda Nizomga binoan boshqa organlar ko‘rishi mumkin bo‘lmagan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Boshqaruvchilar yangidan doimiy boshqaruv organini ta’sis etish, ya’ni jahon valyuta tizimining boshqarilishini nazorat qilish uchun vazirlar darajasida Kengashini tuzishi mumkin.
Ijroiya kengashi (Direktorat) Xalqaro valyuta fondining joriy ishlariga javob beradi. 24 ta ijroiya direktorlarning yettitasi eng yukori kvotaga ega bo‘lgan mamlakatlar tomonidan tayinlanadi, qolganlari esa boshqa davlatlarning boshqaruvchilari tomonidan minqaviy vakolatlik tamoyillari saqlangani holda boshqaruvchilar tomonidan saylanadi. Tayinlash va saylash ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
Odatda, direktorat ma’muriy departament tomonidan tayyorlangan ma’lumotlar va ma’ruzalar asosida qarorlarni qabul qiladi.
1947-yilda Fondga 49 ta mamlakat a’zo bo‘lib kirgan edi va ulardagi umumiy kvota summasi 7,7 mlrd. dollar tashkil qilgandi.
Xozirgi davrda to‘plangan sarmoyalar 120 mlrd. dollarni tashkil qiladi. Ulardan 2/3 qismi sanoati rivojlangan mamlakatlarga oid bo‘lib, shu jumladan, AQSh niki 19,6 foizni, Germaniya va Yaponiya 6,1 foizdan, Fransiya va Buyuk Britaniya 5,48 foizdan tashkil etadi.
Kvota mikdoriga qarab XVF raxbar organlaridagi davlatlar o‘rtasidagi ovozlar taqsimlanadi. Har bir davlat 250 ovozga ega bo‘ladi, plyus xar 100 ming erkin harakatlanuvchi valyutaga bittadan ovoz qo‘shiladi.
Yakunida barcha ovozlarning 59,6 foizi AQShga va Yevropa hamkorligi mamlakatlariga qaraydi.
Jamg‘armaga a’zo davlatlarning xar biri SDR bilan hisoblanadigan kvotaga ega. U jamg‘arma bilan bo‘ladigan moliyaviy va tashkiliy munosabatlarda asosiy rol o‘ynaydi. Birinchidan, jamg‘armadagi ovozlar sonini belgilaydi (250 nominal ovozdan ortiq), har 100 ming SDR kvotaga bir ovoz to‘g‘ri keladi. Ikkinchidan, jamg‘armaning moliyaviy mablag‘lariga imkoniyat ochib beradi. Uchinchidan, SDR ning taqsimlanishida u a’zoning xissasini belgilab beradi. Moddalarga binoan, kengashning boshqaruvchilari kvotalarini belgilashda uning hajmini 5 yilga mo‘ljallangan holda belgilashi zarur.
XVF bank hisoblanmaydi, va omonatchilar, mablag‘ oluvchilar o‘rtasida dallollik vazifasini o‘tamaydi. Jamg‘arma 125 mlrd. AQSh dollari hajmida moliyaviy resurslarga ega. Mablag‘lar badal, a’zo davlatlar ssudalari asosida yuzaga keladi. Ayrim holatlarda XVF qo‘shimcha pul mablag‘larini ba’zi davlat tashkilotlaridan xam olishi mumkin. Unga a’zolik to‘lovlari mikdori iqtisodiy rivojlanish darajasi bilan belgilanadi. A’zolik to‘lovlarining 25 foizi zahira aktivlari bo‘yicha to‘lanib, SDR yoki shunga teng keladigan valyutalar shaklida, qolgan qismi davlatning milliy valyutasida to‘lanadi. XVF ning pul mablag‘larga bo‘lgan zaruriyati har 5 yilda tekshiriladi.
O‘zbekistonga berilgan kvota 275,6 mln SDRni tashkil etadi. Undan 25 foizini qaytarib olish mumkin, qolgan summa veksel to‘lovlari shaklida to‘lanadi. Yuqorida ta’kidlaganidek, moliyaviy yilning oxirida hisob-kitoblar bo‘yicha aniqlangan farq O‘zbekiston tomonidan 1999-yil uchun to‘landi. Kreditlarni qoplash muddati esa 2001-yildan boshlangan.
Jami XVF tomonidan berilgan kreditlar 135,625 mln. SDR yoki u taxminan 198,013 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
O‘zbekistonda XVF ning doimiy vakolathonasi mavjud. Mamlakatda olib borilayotgan islohatlar va iqtisodiyotning joriy xolatini o‘rganish maqsadida uning vakillari vaqti-vaqtida tashrif buyurishadi, XVF ga bo‘lajak munosabatlar bo‘yicha takliflar kiritishadi.
Jamg‘arma tomonidan kadrlarni tayyorlash, ularni qayta tayyorlash maqsadida ham texnik yordam berilmoqda.
Har yili XVF va uning institutlarida Markaziy bank, Moliya vazirligi, respublikani boshqa muassasalaridan hodimlar o‘qib, o‘z malakalarini oshirmoqda.
Jahon bankining tashkil etilgan vaqti – 1944-yil-iyul, Bretton-Vuds (AQSh, Nyu-Gempshir shtati), shtab-kvartirasi (qarorgohi) Vashingtonda joylashgan.
Bretton-Vuds xalqaro hamkorligi tomonidan Jahon bankiga belgilangan vazifalar unga berilgan nom – ya’ni Xalqaro qayta tiklanish va taraqqiyot banki (MBRR) da o‘z aksini topdi. Asosiy vazifa sifatida iqtisodiy taraqqiyotni moliyalashtirish yuklatildi. Agar jahon bankining birlamchi kreditlari ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropaning iqtisodiyotini tiklashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, keyinchalik u o‘z e’tiborini Jahonning qoloq mamlakatlari iqtisodiyotini tiklashga qaratdi. Xozirgi vaqtda esa jahon bankining asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga, mazkur mamlakatlarning ishlab chiqarish darajasini oshirishga yordam berish va aholini ijtimoiy axvolini yaxshilashga ko‘maklashishdir.
Jahon banki o‘z tarkibiga yirik ikkita tashkilotni:
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (MBRR-XTTB) va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasini (MAR-XTA) oladi. Ulardan tashqari unga yana uchta boshqa tashkilotlar ham bilvosita kiradi: Jahon banki bilan uyushgan, ammo huquqiy, moliyaviy jihatdan mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi – Xalqaro moliyaviy korparatsiya (MFK) (bu tashkilot rivojlanayotgan mamlakatlardagi xususiy korxonalarni moliyalashtirishga yordam beradi). Investitsion kelishmovchiliklarni tartibga solish xalqaro markazi va Investitsiyalarni har tomonlama kafolatlovchi agentlik (MIGA).
Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (MAR) mamlakatlarga imtiyozli kreditlar berish bilan shug‘ullanib, ular donor mamlakatlar tomonidan beriladigan hayriya mablag‘lari asosida moliyalashtiriladi. Jahon banki dunyodagi kapital, qimmatbaxo qog‘ozlar bozorlarining asosiy mablag‘ oluvchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, bank bir qator mamlakatlardan obligatsiya, zayom sotish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarz oladi, yigilgan mablaglar qoloq mamlakatlarning taraqqiyoti yo‘lida ishlatiladi va ular imkoniyati darajasidagi past foizlar hisobida beriladi.
Jahon banki kredit olish, uni qaytara olish darajasida bo‘lgan mamlakatlar uchun mablag‘larni mujassamlaydi. Ammo, boy mamlakatlarga yoki alohida shaxslarga jahon banki tomonidan kredit berilmaydi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining jon boshiga yalpi milliy maxsulot 1200 dollar atrofida bo‘lgan taqdirda ular Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankidan kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu kreditlar 12-15 yil ichida qoplanishi lozim. Ikkinchi tomondan, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi kreditlarni qoloqroq mamlakatlarga, ya’ni ulardagi milliy maxsulot jon boshiga 800 dollardan kam bo‘lgan mamlakatlarga beriladi. Bu kreditlar bo‘yicha foizlar olinmasdan, ko‘pgina hollarda ular 35-40-yillar oralig‘ida to‘lash sharti bilan beriladi.
Jahon banki o‘z faoliyatini rivojlanayotgan va qoloq mamlakatlarga texnik loyihalarni, iqtisodiy dasturlarni moliyalashtirish jihatdan yordam berish orqali bu mamlakatlarning iqtisodiy saloxiyatini oshirishga yordam beradi. Bu vazifalar bankining asosiy uzoq muddatli vazifasi hisoblanadi.
Oxirgi yillarda bank oldingi yillardagi tajribalariga tayangan holda mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish bosqichlari darajalarini inobatga olib, loyihalarni tanlash jarayonida asosan rivojlanayotgan mamlakatlarning qoloq qatlamlarini qamrashga, ularning taraqqiyot darajalarini oshirishni nazarda tutgan holda olib borilyapti.
Bank mamlakatlarga texnik jihatdan yordam berish va moliyalashtirish jarayonida BMT tomonidan belgilangan dasturga asosan ham texnik yordam beruvchi, ham loyihani ijro etuvchi sifatida qatnashadi.
Bank tomonidan tanlanadigan loyiha, ularning yo‘nalishlari milliy mamlakatlar, ularning maxalliy hokimiyatlari, boshqa tegishli tashkilotlar bilan har tomonlama kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Bank kredit ajratish jarayonida o‘z mutaxassislari ishtirokida kredit oluvchi mamlakatlarning iqtisodini sinchkovlik bilan tahlil etish asosida qaysi sohaga asosiy e’tibor berish yoki kapital quyilmalarni joylashtirish borasida u yoki bu sohani tanlash imkoniyatidan foydalaniladi.
Bunday taxlitda ish yuritish ushbu mamlakatning asosiy muammolari yechimida qatnashib, uning rivojlanishiga yordamlashishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston jahon bankiga 1992-yil 21-sentabrda a’zo bo‘ldi, uning oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun 12,1 mln AQSh dollari miqdorida badal to‘ladi. O‘zbekistonga MBRR tomonidan 2493 aksiya (jami aksiyalar mikdorining 0,17 foizi) chiqarildi, ovozlar esa – 2743 (0,81 foiz) ni tashkil etadi.
Jahon banki 1993-yili Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi va uning O‘zbekistondagi asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- bozor strukturasining shakllanishda texnik yordam ko‘rsatish;
- ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga moliyaviy jihatdan ko‘mak berish;
- mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash.
Bozor tizimlarini shakllantirishga texnik jihatdan yordam berish borasida respublikada makroiqtisodiy sohada monitoring o‘tkazish, ularni tahlil etish, bank tizimi, buxgalteriya xisob-kitoblarini, kommunikatsiyalarini rivojlantirish kabi tadbirlar kiradi. Jumladan, bu borada Jahon bank tizimining vakllari bilan birgalikda respublikada bank tizimining rivojlanish darajasi yo‘nalishida tadqiqot ishlari olib borildi, undan kelib chiqqan holda bozor mexanizmining infratuzilmasini mujassamlash, ilmiy-texnikaviy saloxiyat darajasini aniqlash borasida ham ancha ishlar olib borildi.
Jahon banki energetika sohasini rivojlantirish va islohatlarni chuqurlashtirishga mo‘ljallangan loyihalar uchun ham kredit ajratib, Orol muammolarini yechimiga, ishlab chiqarish sektorlari rivojiga, paxtani qayta ishlab chiqarish sohasiga ham e’tiborini qaratmoqda.
12-oktabr 1993-yil – birinchi kredit. Institutsional rivojlanish bo‘yicha texnik yordam loyihasi. Jahon banki tomonidan 21 mln AQSh dollari miqdoridagi zayom 20-yil muddatga, shundan 5 yil imtiyozli muddatdir. Loyihaning umumiy qiymati 25 mln AQSh dollari. Moliyalashtirishning boshqa manbalari: O‘zbekiston hukumati – 400 mln AQSh dollari, YeI – 2,6 mln AQSh dollari, Yaponiya – 1 mln AQSh dollari (keyinchalik qator kreditlar bo‘ldi).
MBRR tomonidan moliyaviy sektorini islox etish borasidagi loyihani moliyalashtirish bo‘yicha zayom ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha bo‘yicha hozirda ozroq miqdorda avans ajratilgan, moliyaviy sektorni islox etish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rish, uni amalga oshirish uchun komissiya tarkibi tuzilgan.
1960-yil-noyabrda o‘z faoliyatini boshlagan Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi (XRA) Jahon banki tarkibiga kirib, uning faoliyati kam rivojlangan mamlakatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasiga 170 ga yaqin davlat a’zodir.
Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasining kredit siyosatiga binoan, kreditlar MBRR foizlarini to‘lashga imkoniyati bo‘lmagan davlatlargagina berilishi mumkin. Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi kreditlarini (bulardan foiz olmaydi) olish imkoniga yalpi ichki maxsulot aholi jon boshiga yiliga 800 dollardan oshmagan davlatlar ega bo‘lishi mumkin, ammo xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi amaliyotida ko‘pgina davlatlarga ushbu ko‘rsatgich 700 dollardan oshmagan taqdirda kredit beradi. Ushbu bank kreditlari 35-40-yil muddatga berilib, kredit olingan birinchi 10-yil davomida hech qanday qaytaruv to‘lovlari to‘lanmaydi.
Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi MBRR ga o‘xshab kapital bozorida qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish imkoniyatiga ega emas. Har 3 yilda uning jamg‘armasini donor mamlakatlar mablag‘ bilan to‘ldirib turadi. A’zolik badallari ularning MBRR ga bo‘lgan badallari bilan taqqoslanib, Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi a’zolarining kelishuviga nisbatan 2 guruhga: rivojlangan mamlakatlar va sust rivojlangan mamlakatlarga bo‘linadi.
Birinchi guruhga kiruvchi davlatlar erkin konvertatsiyalanadigan valyutada to‘lab, ular asosan moliyalashtirish uchun ishlatiladi.
Ikkinchi guruhga kiruvchi davlatlar badalining o‘ndan bir qismini erkin konvertatsiyalanadigan valyutada to‘lab, qolgan qismini miliy valyutada to‘lashi mumkin.
Jahon banki tashkilotlariXalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) va Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) bilan hamkorlik katta axamiyatga ega. Ularni bitta markaziy masala: rivojlanayotgan mamlakatlarda mexnat unumdorligini oshirish va xalqaro turmush sharoitini yaxshilash yo‘li bilan ularda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish vazifasini birlashtirdi. Butun dunyodagi xususiy investorlar bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi va rivojlanayotgan mamlakatlarning tijorat korxonalariga mablag‘ ajratuvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), shuningdek notijorat tavakkalchilikka qarshi kapital mablag‘ni sug‘urta qilish yo‘li bilan rivojlanayotgan mamlakatlarga bevosita chet el investitsiyalarini jalb qilish maqsadida tuzilgan Investitsiyalarini kafolatlash xalqaro agentligi (IKXA) ham ana shu maqsadni ko‘zlaydi.
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), Investitsiyalarini kafolatlash xalqaro agentligi (IKXA) va Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) birgalashib Jahon banki guruhini tashkil qiladi.
Ana shu 4 tashkilotdan eng kattasi va eskisi 1945-yilda tuzilgan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) dir.
XTTB resurslarining katta qismini Yevropa, Yaponiya va AQSh sarmoya bozorlaridan o‘rtacha va uzoq muddatli qarz olish hisobidan jalb qiladi.
XTTB yo‘li bilan O‘zbekistonga, hususan, seleksiya tadbirlari vositasida paxta yetishtirish usullarini zamonaviylashtirib, uning jahon bozoriga chiqishiga ko‘maklashishi va unumdorlikni oshirish uchun baza yaratish maqsadida 66 mln. dollar berilyapti. Bundan tashqari muassasalarni isloh qilishni davom ettirish uchun 120 mln. dollar ajratish mo‘ljallangan.
Xalqaro moliya korporatsiyasining loyixalari O‘zbekistonda XMKning loyixalari amalga oshirishdagi roli asosan loyihadan oldingi tadqiqotlarni o‘tkazishdan, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashda qatnashishidan va chet ellik sheriklarini jalb qilishdan iborat.
Investitsiyalarini kafolatlash xalqaro agentligi (IKXA) - Jahon banki xuzurida 1988-yildagina tuzilgan eng Yangi tuzilmadir. Uning asosiy vazifasi notijorat tavakkalchilikdan kelib chiqish mumkin bo‘lgan zararlarda investorlarga beriladigan kafolat hisobiga, shuningdek, sarmoya oqimini yo‘naltiruvchi va rag‘batlantiruvchi qulay investitsiya muhitini va axborot bazasini yaratishda ko‘maklashuvchi a’zo mamlakatlarga maslahat xizmati ko‘rsatish yo‘li Bilan rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini mustahkamlash maqsadida investitsiyalar oqimiga yordam berishdir.
Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRR-ETTB) 1991-yili Fransiya sobiq prezidenti F.Mitteran tashabbusi bilan tashkil etilib, o‘z oldiga (tashkil etilish to‘g‘risidagi bitimga binoan ) Markaziy va Sharqiy Yevropada bozorni, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishni maqsad etib qo‘ygan. Bank o‘z a’zolariga iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda islohatlar olib borishga, ularning jahon iqtisodiy hamkorligi qatoriga qo‘shilishiga ko‘mak beradi.
EBRRning birinchi prezidenti etib Jak Atalli saylangan, 1993-yilning-avgustida ushbu lavozimni Xalqoro valyuta jamgarmasining direktori, so‘ngra Fransiya bankining prezidenti Jak de Larozer egalladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga 59 ta davlat a’zodir.
O‘zbekiston YeBRRga 1992-yilning boshlarida a’zo bo‘ldi, shu yilning o‘zida respublikada ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanish, uning taraqqiyot darajasini o‘rganish maqsadida bank tomonidan bir qator tashkiliy ishlar olib borilib, jumladan, kengash direktorlarining a’zolari – prerizident va vitse- prezident ham O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflarning natijasi sifatida YeBRR tomonidan O‘zbekistonga nisbatan strategiya ishlab chiqildi. 1993-yili YeBRR O‘zbekistonga bir qator loyihalarini joriy etdi.
EBRR tomonidan quyidagi yetakchi sohalarda moliyaviy va texnik tomondan e’tiborni markazlashtirish, ularga ko‘mak berish jihatlari belgilandi:
- moliyaviy sektor;
- yangi mineral homashyo resurslarini topish, ularni qayta ishlash sohasi;
- energetika komleksi;
- paxtani qayta ishlash, agrobiznes;
- turizm;
- transport va aloqa;
- atrof muhitni muhofaza qilish.
Shuni inobatga olib, Yevropa banki O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatish doirasida quyidagi 6 tamoyilni belgiladi:
- moliyaviy sektor (banklar);
- kichik o‘rta korxonalar ;
- infratuzilma, energetika kompleksi;
- tabiiy resurslar;
- paxtani qayta ishlash va yengil sanoatning boshqa sohalari ;
- turizm sohasi.
YeBRR tomonidan O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni moliyalashtirish uchun 120 mln AQSh dollari ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy Faoliyat Milliy bankiga 60 mln. AQSh dollari; 30 mln. AQSh dollari «Asaka» aksionerlik-tijorat bankiga (O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati bilan) va 30 mln. AQSh dollari boshqa tijorat banklariga ajratildi.
Adabiyotlar ro‘yxati:



  1. Vahobov A. va boshqalar. Budjet - soliq siyosati yaxlitligi. O‘quv qo‘llanma. - T.: Iqtisod va moliya. 2020.285 b.



  2. Vahobov A. va boshqalar. Moliyaviy va boshqaruv tahlili. Darslik. T.: Sharq 2020. 220 b.



  3. Malikov T., Xaydarov N. Davlat budjeti. O‘quv qo‘llanma, T.: "IQT1SOD-MOLIYA", 2021, 84 b.



  4. Malikov T., Xaydarov N. Budjet daromadlari va xarajatlari. O‘quv qo‘llanma, T.: "IQTISOD-MOLIYA", 2021 , 245 b.



  5. Malikov T., Xaydarov N. Budjet: tizimi, tuzulmasi, jarayoni. O‘quv qo‘llanma, T.: "IQTISOD-MOLIYA", 2021, 84 b.



  6. Yo‘ldoshev Z., Malikov T. Uy xo‘jaligi moliyasi. O‘quv qo‘llanma, T.: "IQTISOD-MOLIYA", 2021, 105 b.


Ctrl
Enter
Заметили ошЫбку
Выделите текст и нажмите Ctrl+Enter
Комментарии (0)
Топ из этой категории
Ramazon hayit namozi o’qilish vaqti 2024 yil Ramazon hayit namozi o’qilish vaqti 2024 yil
Ramazon hayit namozi o’qilish vaqti 2024 yil DIQQAT #RASMAN RAMAZON HAYITI NAMOZINING O’QILISh VAQTLARI BILAN...
09.04.24
5
0
Kartadan kartaga foizsiz pul o’tkazish Kartadan kartaga foizsiz pul o’tkazish
Xalq banki «XAZNA» ilovasi Oyiga 5mln so’mgacha 0 % komissiya bilan uzcard dan humo ga va aksincha o’tkazish mumkin....
01.04.24
3
0