Tarixdagi kuchli 5 ta portlash

15:39, 22 март 2024
17
0

 Tarix davomida insoniyat hayratga soluvchi darajada halokatli portlashlarning guvohi boʻlgan. Bu maqolada sayyoradagi eng kuchli yadroviy va noyadroviy portlashlarni koʻrib chiqamiz
Mavzuga doir: Yadro quroli nima →

1.Tsar bomba (1961-yil, SSSR)
 
 

1961-yil 30-oktabrda Sovet Ittifoqi tomonidan portlatilgan Tsar bomba hozirgacha yaratilgan va sinovdan oʻtkazilgan eng kuchli yadroviy bomba hisoblanadi. Sovuq urush davrida Sovet Ittifoqi tomonidan ishlab chiqilgan bu ulkan bomba yadroviy qurollanish poygasining burilish nuqtasi boʻlgan. 


1949-yilda oʻzining birinchi atom qurolini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazgandan soʻng, AQSH ham, Sovet Ittifoqi ham vodorod bombasi deb ataladigan yanada halokatli termoyadro qurollarini yaratishga eʼtibor qaratadi. Tsar bomba esa Sobiq Sovet Ittifoqi saʼy-harakatlarining choʻqqisi boʻladi.


Tsar bomba Rossiya shimolida, Novaya Zemlya arxipelagidagi Severniy orolining burni — Mityushixa koʻrfazida sinovdan oʻtkaziladi. Sovet olimi Andrey Saxarov tomonidan ishlab chiqilgan bomba uzunligi taxminan 8 metr va eni 2,1 metr boʻlgan ulkan qurol edi. Uning vazni salkam 27 tonnani tashkil etgan. 
Tupolev Tu-95 strategik bombardimonchi samolyotiga (aynan shu sinov uchun maxsus bir dona ekzemplyarda ishlab chiqilgan) bombani 10 363 metr balandlikdan pastga tashlash vazifasi yuklatilgan. Bomba parashyut bilan tushirilib, samolyotdan tashlanganidan 189 soniya oʻtganidan soʻng 3 962 metr balandlikda portlaydi, bu esa ekipajga xavfsiz masofaga uchib ketish uchun vaqt beradi. 
 

Tsar bombaning portlashi haqiqatan ham hayratlanarli voqea boʻlgan. Uning kuchi 58,6 megatonna trotil ekvivalentiga teng edi, bu Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan bombalardan 1 570 baravar kuchliroq. Portlash natijasida hosil boʻlgan “qoʻziqorin buluti” pastdan 40 kilometr kenglikka va tepadan deyarli 97 kilometr kenglikka yoyilgan. U stratosferaga kirib, 64 kilometr balandlikka yetgan. Portlashning halokatli kuchi 241 kilometr radiusga choʻzilgan va zarba nuqtasidan salkam 58 kilometr masofadagi hamma narsani bugʻlagan. Portlash toʻlqinidan hatto Norvegiya va Finlyandiyadagi derazalar ham singan, chaqnashni esa portlash joyidan 1 000 km uzoqlikdagi Grenlandiya va Alyaskadan ham koʻrishgan.

Ushbu superbombani yaratish va sinovdan oʻtkazish katta siyosiy ahamiyatga ega edi: Sovet Ittifoqi cheksiz kuchga ega yadroviy qurol yarata olishini butun dunyoga namoyish etdi (oʻsha paytda AQSH tomonidan sinovdan oʻtkazilgan eng kuchli termoyadro zaryadi 15 megatonna edi). Bu sinovdan keyin Qoʻshma Shtatlar oʻz termoyadroviy sinov imkoniyatlarini oshirmadi va 1963-yilda Moskvada atmosfera, kosmos va suv ostida yadroviy qurol sinovlarini oʻtkazishni taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi.

2. Galifaksdagi portlash (1917-yil, Kanada)

1917-yil 6-dekabrda Kanadaning Galifaks shahrida atom bombalarining portlashidan oldin sodir boʻlgan eng katta portlashlardan biri kuzatildi. Bu portlash shahar bandargohidagi ikkita kema toʻqnashuvi natijasida kelib chiqqan edi. Kemalardan biri Birinchi jahon urushidagi jang maydonlari uchun moʻljallangan portlovchi moddalarni olib ketayotgan oʻq-dorilar kemasi boʻlgan.

Portlash va undan keyingi sunami Galifaksning shimoliy chekkasini vayron qildi. Bu 2 000 ga yaqin odamning oʻlimiga sabab boʻldi, yana 9 000 kishi nogiron yoki koʻr boʻlib qoldi, 25 000 dan ortiq odam esa uy-joyidan ayrildi.

Portlash sodir boʻlgan paytda Galifaks urush harakatlarida faol ishtirok etgan gavjum port shahri edi. U Kanada, Britaniya imperiyasi va AQSH qoʻshinlari uchun Yevropa jang maydonlari tomon yoʻlga tushish yoki undan qaytish jarayonida muhim markaz boʻlib xizmat qilgan. Shaharning taxminan 50 000 nafar aholisi port faoliyatini nazorat qiluvchi harbiy xizmatchilar va dengiz kuchlari xodimlarining oqimi bilan koʻpaygan. Port bugʻdoy, yogʻoch, koʻmir, oziq-ovqat, oʻq-dorilar va qurol-yarogʻlar kabi hayotiy zarur mahsulotlarni tashishni osonlashtirgan, ular temir yoʻl orqali olib kelingan va kemalar orqali joʻnatilgan.

Toʻqnashuvda ikkita kema ishtirok etgan: SS Imo va Montblank. Norvegiyaning SS Imo kemasi urushda vayron boʻlgan Belgiyaga yordam buyumlarini olib ketayotgan boʻladi. Kema Gollandiyadan AQSHning Nyu York shahriga yoʻl olayotib, Galifaks bandargohiga yonilgʻi toʻldirish uchun 2 kunga toʻxtagan va oʻsha payt u yerdan joʻnab ketayotgan edi. Fransiyaga tegishli Montblank nomli kemasi esa Nyu Yorkdan oʻq-dorilarni ortib, Fransiyaning Bordo shahriga yoʻl olgandi.

Imo odatiy gʻarbiy tomon oʻrniga sharqiy tomondan harakatlanib, Montblankka duch kelganida toʻqnashuv sodir boʻladi. Taʼkidlanishicha, kemadagi tajribali mutaxassislarning saʼy-harakatiga qaramay, bir qator notoʻgʻri aloqalar va muvaffaqiyatsiz harakatlar toʻqnashuvga olib kelgan. Zarba Montblankning korpusini teshib, yukni yondirib yuboradi. Natijada yongʻin kemani qariyb 20 daqiqa davomida qamrab oladi. Yonayotgan kema qirgʻoqdagi tomoshabinlarning eʼtiborini tortadi va olovni oʻchirish uchun boshqa kemalardan oʻt oʻchirish guruhlari va dengizchilar yetib keladi. Olovni oʻchirishga boʻlgan harakatlarga qaramay u portlovchi moddalar turgan joygacha yetib bordi va ertalabki 9 lar atrofida portlash yuz berdi. 

Galifaksdagi portlash shahar va uning aholisiga katta salbiy taʼsir koʻrsatgan — 1 600 nafarga yaqin odam vafot etgan, 9 000 nafar odam esa yaralangan. 2,6 km radiusdagi barcha binolar shikastlangan yoki toʻliq toʻkilib tushgan.


3. Trinity sinovi (1945-yil, AQSH)

1945-yil 16-iyulda “Manhetten loyihasi” doirasida Robert Oppengeymer boshchiligidagi olimlar tomonidan oʻtkazilgan Trinity sinovi dunyodagi birinchi yadroviy portlash sifatida tarixda qolgan. Sinov Nyu-Meksiko shtati Los-Alamosdan 337,9 km janubda, Alamogordo bombardimon poligonida joylashgan Jornada del Muerto deb nomlanuvchi maydonda boʻlib oʻtadi.

Oʻsha kuni ertalab soat 5:30 da “Gadjet” deb nomlangan plutoniyni portlatish moslamasi taxminan 30,48 metrlik minora tepasida portlatiladi. Portlash 18,6 kilotonna trotil ekvivalentiga teng boʻlgan ulkan quvvatni keltirib chiqaradi, bu esa minorani bir zumda yoʻq qilib, atrofdagi asfalt va qumni “trinitit” deb nomlanuvchi yashil shisha moddaga aylantiradi. Portlash kuchli issiqlikni keltirib chiqaradi, natijada ancha uzoqda turgan kuzatuvchilar ham muvozanat saqlolmay yerga yiqiladi.

Ilgʻor modellashtirish dasturlari va ob-havo haqidagi tarixiy maʼlumotlardan foydalangan holda olib borilgan tadqiqot shuni koʻrsatadiki, Trinity sinovidan kelib chiqqan radioaktiv parchalanish portlashdan keyin 10 kun ichida AQSHning 46 shtatiga, shuningdek, Kanada va Meksikagacha yetib borgan. Ushbu sinov-portlashning asl sababi 1945-yilning 6-avgust kuni AQSH Yaponiyaning Xirosima shahrini bombardimon qilgunga qadar maʼlum boʻlmagan.

Trinity sinovining muvaffaqiyati AQSH armiyasi atom bombalaridan foydalanish qobiliyatiga ega boʻlganini koʻrsatdi, bu atom davrining boshlanishini belgilab berdi.


4. Bayrut portidagi portlash (2020-yil, Livan)

2020-yil 4-avgust kuni kechqurun Livan poytaxti Bayrut portida ikkita portlash sodir boʻldi. Ikkinchisi shu qadar kuchli ediki, seysmik stansiyalar uni 3,3 magnitudali zilzila sifatida qayd etgan. Portlashdan zarbani qoʻshni davlatlar — Suriya, Isroil va Turkiya aholisi his qilgan, shovqin esa Bayrutdan 250 kilometr uzoqlikda — Kiprda eshitilgan.

 

Portlash oqibatida 200 dan ortiq odam halok boʻldi, yana 7 mingdan ortiq kishi yaralandi. Shahar va butun Livan iqtisodiyoti katta zarar koʻrdi: mamlakat transport infratuzilmasining eng muhim qismi boʻlgan portning oʻzi amalda vayron boʻldi, minglab binolar shikastlandi yoki butunlay vayronaga aylandi, kamida 300 ming kishi boshpanasiz qoldi.

Portlash sabablarining dastlabki versiyalarida portdagi pirotexnika omboridagi yongʻin va terakt ham boʻlgan. Biroq tez orada deyarli uch ming tonna ammiakli selitra saqlangan ombor portlagani maʼlum boʻlgan. Ushbu modda qishloq xoʻjaligida oʻgʻit sifatida ham, portlovchi moddalar ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida ham qoʻllanadi.


5. Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan atom bombalari (1945-yil, Yaponiya)

1945-yil 6-avgustda Yaponiyaning Xirosima, 3 kundan keyin esa Nagasaki shahriga AQSH harbiy kuchlari yadroviy bomba tashlaydi. Bu urush paytida atom bombalari ishlatilgan yagona holat hisoblanadi. 

6-avgust kuni erta tongda Amerikaning B-29 nomli bombardimonchi samolyoti Yaponiyaning Xirosima shahriga quvvati 13–18 kilotonna trotil ekvivalentiga teng “Kichik bola” nomli atom bombasini tashladi. Uch kundan soʻng, 19–21 kilotonna trotil ekvivalentiga teng “Semiz odam” atom bombasini B-29 bombardimonchi samolyoti Nagasaki shahriga tashladi. Bu ikki portlash natijasida 80 ming nafar odam oʻsha zahoti halok boʻlgan, yil oxiriga kelib saraton va radiatsiya kasalligidan oʻlganlarning umumiy soni Xirosimada 90 dan 166 minggacha va Nagasakida 60 dan 80 minggacha yetdi. 

Bu hodisa Yaponiyani larzaga keltiradi va u urushni toʻxtatishga qaror qiladi.

Ctrl
Enter
Заметили ошЫбку
Выделите текст и нажмите Ctrl+Enter
Комментарии (0)
Топ из этой категории
How to download music to iPhone: 6 easy and free ways How to download music to iPhone: 6 easy and free ways
How to download music to iPhone: 6 easy and free ways You can transfer audio files from a computer or via the Internet...
11.05.24
1
0
O‘qishga kirish uchun minimal o‘tish ballari ko‘tariladi O‘qishga kirish uchun minimal o‘tish ballari ko‘tariladi
O‘qishgakirishuchunminimalo‘tishballari ko‘tariladi Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni...
08.05.24
147
0